YANGILIKLARHuquq bilimdonlari

Huquq bilimdonlari

Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Huquq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Adliya vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tanlovda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar qatnashdi.O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari D.Kenjayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning kamoloti va istiqboli yo‘lida g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

2014-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Huquq bilimdonlari” respublika tanlovida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari faol qatnashmoqda. O‘quvchilarda huquqiy ong va madaniyatni yanada yuksaltirish, ularda faol fuqarolik va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasini rivojlantirish, shu orqali huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish mazkur tanlovning asosiy maqsadidir. 2016-yilgi intellektual bellashuvning barcha bosqichlarida umumta’lim maktablarining 8-9-sinf o‘quvchilari faol qatnashib, o‘z huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. 

– Bu tanlov biz, yoshlarning huquqiy, siyosiy bilimlarimizni yanada yuksaltirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir, – deydi Angren shahridagi 15-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Barno Sotimova. – O‘tkazilgan testlar, taqdimotlar jarayonida Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z bilimimiz, faolligimiz bilan munosib hissa qo‘shish burchimiz ekanini yana bir karra teran angladik. 
Tanlov jarayonida o‘quvchilarning huquqiy bilimlari, bugungi kunda jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalardan xabardorligi, mamlakatimizdagi islohotlarning mohiyatini teran anglashi, zukkoligi, hozirjavobligi, darsda olgan bilimlarini amaliyotda namoyon eta olishiga asosiy e’tibor qaratildi. 
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ishtirokchilar uchun Mustaqillik maydoni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sayohatlar tashkil etildi. 

Nazokat Usmonova, O‘zA 

MANZIL

BIZ BILAN ALOQA

+99871 221-86-42

This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

Toshkent shahar,

       Yunusobod tumani,
       
       13-mavze, 5-uy

       Pochta indeksi: 100194