Yosh tadbirkorlar tanlovi

Yosh tadbirkorlar tanlovi

Nukusda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 120 nafar yosh o‘z loyihasi bilan ishtirok etdi. 
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yoshlarning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

 
– Mamlakatimizda yoshlar, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi matbuot kotibi Klara Xudaybergenova. – Bitiruvchilarga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topishi va biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Ana shulardan biri bo‘lgan “Mening biznes g‘oyam” tanlovining tuman bosqichlarida 13 ming yigit-qiz qiziqarli biznes loyihalari bilan ishtirok etdi. Ular orasidan eng yaxshi deb topilgan 120 ishtirokchining xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga oid biznes g‘oyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ko‘rib chiqildi. 
Tadbir doirasida tashkil etilgan seminar-treninglarda mutaxassislar yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, biznes reja tuzish va bankdan kredit olish tartiblari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yoshlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha biznes loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

G‘olib deb topilgan 10 nafar ishtirokchi tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. 

 Aminboy Ortiqboyev, O‘zA 

MANZIL

BIZ BILAN ALOQA

+99871 221-86-42

This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

Toshkent shahar,

       Yunusobod tumani,
       
       13-mavze, 5-uy

       Pochta indeksi: 100194